O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish agentligiga “Call center” orqali Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroning joriy yilning 8 may kuni avtosalondan “COBALT” rusumli avtomobil xarid qilish uchun to‘lovlarni amalga oshirganligi va xarid qilinadigan avtomobil uchun 7 (etti) qalendar kun ichida to‘lovlarni amalga oshirganligi uchun shartnomaga asosan imtiyoz sifatida qaytarilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar avtosalon tomonidan qaytarilmayotganligidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
O‘tkazilgan o‘rganish natijasida fuqaro avtomobil uchun to‘lovni shartnoma tuzilgan kunning o‘zida 100 foiz amalga oshirganligi va oradan 4 oy muddat o‘tgach, orziqib kutgan avtomobili yetib kelganligi ma’lum bo‘ldi.
Lekin shartnomada ko‘rsatilgan maxsus chegirmaga asosan avtosalon tomonidan fuqaroga qaytarilishi lozim bo‘lgan 5 100 000 so‘m miqdoridagi mablag‘ har xil vajlar ko‘rsatilib qaytarilmasdan kelgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 19-moddasida ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining huquqlari ko‘rsatilgan.
Hududiy boshqarma mas’ul xodimlari tomonidan avtosalon vakillariga qonun talablari yuzasidan o‘tkazilgan tushuntirishlar natijasida avtosalon tomonidan iste’molchiga 5 100 000 so‘m pul mablag‘i qaytarib berildi.
Xurmatli Iste’molchi, Sizda yuqoridagi holatlar yuzasidan iste’molchi sifatida huquq va manfaatlaringiz buzilsa, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligining 1159 qisqa raqami yoki hududiy boshqarmaning (0 362) 223-17-34 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.