Hududiy boshqarmaning ishonch telefoni orqali Xazorasp tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro joriy yilning 18 may kuni avtosalondan “LASETTI” rusumli avtomobil xarid qilish uchun to‘lovlarni amalga oshirganligi, xarid qilinadigan avtomobil uchun 7 kun ichida to‘lovlarni amalga oshirganligi uchun shartnomaga asosan imtiyoz sifatida qaytarilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar avtosalon tomonidan qaytarilmayotganligidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
O‘tkazilgan o‘rganish natijasida fuqaro avtomobil uchun to‘lovni shartnoma tuzilgan kunning o‘zida 100 foiz amalga oshirganligi va oradan 7 oy muddat o‘tgach, orziqib kutgan avtomobili etib kelganligi ma’lum bo‘ldi.
Lekin shartnomada ko‘rsatilgan maxsus chegirmaga asosan avtosalon tomonidan fuqaroga qaytarilishi lozim bo‘lgan 10 200 000 so‘m miqdoridagi mablag‘ har xil vajlar ko‘rsatilib qaytarilmasdan kelgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 19-moddasida ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining huquqlari ko‘rsatilgan.
Hududiy boshqarma mas’ul xodimlari tomonidan avtosalon vakillariga qonun talablari yuzasidan o‘tkazilgan tushuntirishlar natijasida avtosalon tomonidan iste’molchiga 10 200 000 so‘m pul mablag‘i qaytarib berildi.