O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi o‘z vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuniga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ustun mavqeni suiiste’mol qilish, til biriktirishlar va kartel kelishuvlarga qarshi kurashni, ularni oldini olish va bartaraf qilishni amalga oshiradi.
“Kartel” kelishuvlar va til biriktirishlar kabi raqobatga qarshi harakatlarning murakkab turlarini aniqlash va ularga chek qo‘yish masalalarida huquq-tartibot organlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
Hududiy boshqarma tomonidan doimiy va tizimli ravishda tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar davlat reestriga kiritilgan sub’ektlar tomonidan raqobat qonunchiligiga rioya etishi yuzasidan tahlil o‘tkazib boriladi.
Alohida monopolist korxonalarning asosiy jihatlaridan biri bu, shartnomalarga kamsituvchi shartlarni kiritish orqali iste’molchilar va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning haq-xuquqlarining cheklashi, shuningdek tovar va moliya bozoriga boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning kirishi uchun turli to‘siqlar yaratishidir.
Yuqorida ko‘rsatilgan harakatlar O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasiga zid hisoblanib, ustun mavqeni suiiste’mol qilish sifatida baholanadi.