Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi:
– shaxs va shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha, shuningdek xo‘jalik xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘shib yuborishga, qo‘shib olishga doir harakatlarni amalga oshirishda qonun xujjatlarida belgilangan tartibda oldindan rozilik berish orqali bozor kontsentratsiyasini nazorat qiladi;
– tovar, moliya va raqamli bozorlarda bozor kontsentratsiyasini baholaydi;
– shaxs va shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha, shuningdek xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘shib yuborishga, qo‘shib olishga doir bitimlarga oldindan rozilik olish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha maslahat beradi.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olishda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi 338-sonli qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi va quyidagi hollardagina rozilik talab qilinadi:
bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ko‘rsatilgan aktsiyalarning (ulushlarning) ellik foizidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olsa;
bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni sotishdan olingan jami tushum bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa yoxud bitim ishtirokchilaridan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt bo‘lsa.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘shib yuborishga, qo‘shib olishga doir bitimlarga oldindan rozilik olish Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi 338-sonli qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.
Agar tegishli bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni sotishdan olingan jami tushumi bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa yoxud ulardan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt bo‘lsa, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olish bo‘yicha bitimlar uchun vakolatli organning oldindan roziligini olish zarur.