So‘nggi yillarda mamlakatimizda korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korruptsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Davlat organlari zimmasidagi vazifa va funktsiyalarni bajarishda yuzaga keladigan korruptsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash tizimini takomillashtirish hamda davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, korruptsiyaga qarshi kurashish samaradorligini tubdan oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar korruptsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning ta’sirchan tizimini yaratishni taqozo etmoqda. Ushbu ishlarga fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat sektorning boshqa vakillarini ham keng jalb etish zarurati tug‘ilmoqda.
Shu maqsadlarda, alohida ta’riflash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29.06.2020 yildagi PF-6013-sonli Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Jumladan, mazkur Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi korruptsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etilgan. Joriy yilning 20 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi korruptsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi PF-5729-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, hududiy boshqarmaning 2019 yil 10 iyuldagi 80-i/ch-sonli buyrug‘i bilan korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi masalalar hududiy boshqarma boshyuriskonsultiga yuklatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi PF-5729-sonli Farmoni, 2019-2020 yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2020 yil 30 yanvardagi 13-P-sonli buyrug‘iga asosan hududiy boshqarma tomonidan 2020 yil 31 yanvarda 17-i/ch-sonli buyruq qabul qilinib, korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.
Chora-tadbirlar rejasida korruptsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy va huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, ahloqiy qoidalarga rioya qilish va manfaatlar to‘qnashuvlarini xal qilish choralari, shuningdek korruptsiyaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish masalalari ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha “ishonch telefoni” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va nizomi tasdiqlangan. Ushbu nizomda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”, “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq arizalarni qabul qilish, hududiy boshqarma tizimidagi korruptsiya bilan bog‘liq shikoyatlar ko‘rib chiqish tartibi belgilangan va anonim quti tashkil etilgan.
Shu jumladan, korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha har oyning 25 sanasida qo‘mitaga hududiy boshqarmaning korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hisoboti yuborilmoqda.
Korruptsiya holatlarini olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday xizmatlarni raqamlashtirish, ularni “yagona darcha” tamoyili asosida berish va davlat xizmatlari markazlariga o‘tkazish masalasi bo‘yicha “Raqobat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘shib yuborishga, qo‘shib olishga doir harakatlarni amalga oshirishda va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlar tuzishda shaxslar yoki shaxslar guruhlari bu harakatlar sodir etilguniga (bitimlar tuzilguniga) qadar oldindan rozilik olish tartibi Davlat xizmatlari markazlariga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tovar va moliya bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solish sohasidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 28 may 2020 yildagi 338-sonli qarori tasdiqlangan.
Yuqoridagi Vazirlar Mahkamasining qarori davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari va aholiga ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlarining ro‘yxatini kengaytirish va sifatini oshirish, tegishli axborot resurslaridan keng foydalanishini ta’minlash, monopoliyaga qarshi organning shaxs va shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olishga doir, shuningdek xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olishga doir bitimlarni tuzish uchun oldindan roziligini olishni soddalashtirish va oshkoraligini ta’minlash, ho‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aktsiyalarni (ulushlarni) olishga doir, shuningdek xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olishga doir bitimlarni tuzish uchun oldindan rozilik berish bo‘yicha monopoliyaga qarshi organga kelib tushadigan murojaatlarni ko‘rib chiqish samaradorligi va tezkorligini oshirish imkonini yaratadi.