2020 yil 30 oktyabr` kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo’mitasining Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasida videokonferentsaloqa tarzidagi sayyor majlisi bo’lib o’tdi.
Unda “Raqobat to’g’risida”gi Qonunning “O’zkimyosanoat”, “O’zbekneftegaz” aktsiyadorlik jamiyatlari va “O’zyog’moysanoat”, “O’zcharmsanoat” uyushmalari tomonidan ijro etilishi holati muhokama qilindi.
Majlisda Senat a’zolari, Vazirlar Mahkamasi vakili, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 16 yanvardagi “Yog’-moy tarmog’ini yanada rivojlantirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar va sohani boshqarishda bozor mexanizmlarini joriy etish to’g’risida”gi qaroriga asosan “O’zpaxtayog’” AJ negizida O’zbekiston Respublikasi yog’-moy sanoati korxonalari uyushmasi tashkil etilgan.
Mazkur uyushma tarkibidagi yog’-moy korxonalari va tadbirkorlar tomonidan 2018 yilda 191,4 ming tonna kungaboqar va 135 ming tonna kungaboqar moyi import qilingan bo’lsa, 2019 yilda import hajmi mos ravishda 269 ming tonna va 216 ming tonnani tashkil etgan.
Tahlillar 2020/2021 mavsumda butun dunyoda kungaboqar yetishtirish hajmi prognozlari 56,1 mln. tonnagacha, qayta ishlar hajmlari 51,2 mln. tonnagacha kamayishi ko’rsatgan. Bunda mintaqada yirik eksportyor davlat hisoblangan Rossiya Federatsiyasida kungaboqar yetishtirish prognozi 2019/2020 yilgi mavsumdagi 15,3 mln. tonnadan 2020/2021 yilgi mavsumda 13,5 mln. tonnagacha kamaytirilgan. Natijada joriy yilda respublikaga kungaboqar importi hajmi keskin qisqargan.
O’tgan yillarda respublikaga kungaboqar donining importi ortib borgan bo’lsa, 2020 yilda import hajmining pasayishi kutilmoqda.
Yuqoridagi kabi holatlar xorijiy davlatlarning soya, kungaboqar kabi moyli xom ashyo eksportiga ta’siri mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari tannarxining oshishi, yog’-moy mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini kamayishiga va narx borasida raqobatlasha olmasligiga sabab bo’ladi.
Shu bilan birga, majlisda sohada sog’lom raqobatning ta’minlanishi va ichki bozorni yog’-moy mahsulotlari bilan to’yintirish bo’yicha bir qator masalalar yechimi ta’minlanishi zarurligi ta’kidlandi. Xususan, moyli xom ashyo bazasining chegaralanganligi oqibatida so’nggi uch yilda yog’-moy korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 50 foizdan oshmagan.
So’nggi yillarda mahalliy xom ashyo resurslari qisqarib borishi natijasida o’simlik (paxta) moyining ishlab chiqarilishi 2018 yilda 197 ming tonnani tashkil etgan bo’lsa, 2019 yilda 15 foiz kamaygan. Shuningdek, o’simlik moyining chakana narxi bugungi kunda sezilarli darajada, ya’ni 22-30 foizgacha qimmatlashgan.
Yog’-moy korxonalarida yem mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish imkoniyati bo’lgan holda, yem mahsulotlari (shrot va sheluxani) qisqa siklda qayta ishlanishi bilan chegaralangan.
Xolbuki bu mahsulotlarni chuqur qayta ishlab chorvachilik, baliqchilik, quyonchilik va parrandachilik uchun zarur bo’lgan import o’rnini bosuvchi ekstrudrlangan omuxta yem mahsulotlarini ishlab chiqarishga erishish mumkin.
Majlisda “O’zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan ham “Raqobat to’g’risida”gi Qonunning ijro etilishi ko’rib chiqildi.
Qayd etilganidek, 2020 yil 1 oktyabr` holatiga ko’ra, ushbu uyushmaga 550 ga yaqin ishlab chiqaruvchi korxonalar a’zo bo’lib, ulardan 50 tasi charmni qayta ishlovchi, 9 tasi qorako’lchilik, 35 tasi charm-attorlik hamda 302 tasi poyabzal ishlab chiqaruvchilardir.
Soha korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish maqsadida 2020 yilda 28 ta loyiha bo’yicha 101,2 mln. dollarlik qiymatdagi investitsiyalarning o’zlashtirilishi, 2020-2022 yillarda umumiy qiymati 421,0 mln. dollarlik 248 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo’yicha ishlar yo’lga qo’yilgan.
Shu bilan birga, majlisda tizimda raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi muammolarni bartaraf etish maqsadida bir qator amalga oshirilishi talab etiladigan ishlarga urg’u berildi.
Xususan, teri xom ashyosini qayta ishlash bo’yicha mahalliy korxonalar quvvatidan to’liq foydalanishni yo’lga qo’yish va qo’shni davlatlarda yetishtiriladigan yirik va mayda shoxli mollar terisini qayta ishlab, tayyor mahsulotlarni eksport qilish ishlarini tashkil etish bo’yicha chora-tadbirlar ko’rish, respublika bojxona chegarasi orqali charm va mo’yna xom ashyosini olib chiqishni monitoring qilish tartibi to’g’risidagi nizomni bekor qilish masalasini ko’rib chiqish, charm-poyabzal sohasini rivojlantirish va qo’llab-quvvatlash jamg’armasi mablag’laridan maqsadli foydalanishni yo’lga qo’yish zarurligi ta’kidlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida mas’ul idoralarga ko’rsatmalar berildi. Ko’rib chiqilgan masalalar yuzasidan Senat qo’mitasining tegishli qarori qabul qilindi.