O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 dekabrdagi
PQ-4554-son qaroriga asosan, joriy yilning 1 iyulidan boshlab mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilangan.
Referent narx shakllantirish tizimi – dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, kontsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda ayni bir ishlab chiqaruvchining huddi shunday faol moddaga ega dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mamlakatda, referent mamlakatlarda va O‘zbekiston Respublikasida sotish narxlarini tahlil qilish natijasi asosida
har bir savdo nomi uchun cheklangan narxlarni qayd etish tizimi hisoblanib, bunda dori vositasini ushbu qiymatdan yuqori narxlarda O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berish (import dori vositalari uchun) va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilishi (mahalliy dori vositalari uchun) mumkin emas.
Referent narx shakllantirish tizimi doirasida dori vositalari narxlarini qayd etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga (ro‘yxatga olish raqami 3242, 2020 yil 10 iyun) asosan, mamlakatimizda dori vositalariga referent narx shakllantirilishi boshlandi.
Dori vositalari narxining, ayniqsa immunitetni mustahkamlash va viruslarga qarshi dori vositalariga narxlarning asossiz ravishda oshirib yuborilishi holatlari to‘g‘risida iste’molchilarning e’tirozlarini inobatga olgan holda, Agentlik tomonidan belgilangan tartibda profilaktika va nazorat tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga asosan, tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish iste’molchilarning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi.
Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tomonidan referent narxi shakllantirilgan dori vositalarining eng yuqori chakana narxi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2647-son qaroriga muvofiq hisoblanib (referent narx+15%+20%), iste’molchilar xabardorligi uchun telegramm messenjerida ishlovchi maxsus axborot tizimi – @dorinarx_bot ishlab chiqildi.
O‘z navbatida, iste’molchilarda axborot tizimi ma’lumotlari asosida dori vositasini dorixonalarda sotilayotgan joriy narxi bilan solishtirish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Agar narxlarda tafovut aniqlansa, iste’molchilar O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligiga yoki hududiy boshqarmaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishlari mumkin.
Bunda, Agentlik iste’molchilarning murojaatlariga muvofiq, ko‘rsatilgan dorixonada belgilangan tartibda tekshirish o‘tkazish va aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli chora ko‘rish vakolatiga ega.