Hududiy boshqarma tomonidan, “vaqtinchalik tartib”ga asosan mahalliy un mahsuloti viloyat hududidagi ayrim mahallalarga o‘z vaqtida olib borilmayotganligi, olib borilgan un mahsuloti hududda istiqomat qiluvchi aholiga yetmasdan qolayotganligi bilan bog‘liq kelib tushgan murojaatlar yuzasidan muntazam ravishda o‘rganish ishlari o‘tkazilib fuqarolarning muammolari bartaraf qilib kelinmoqda.
Xususan, Xiva tumani, Chanashiq mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan hududiy boshqarmaning ishonch telefoni orqali o‘zi istiqomat qilayotgan mahallaga yetkazib berilayotgan un mahsulotini uch oydan beri ololmasdan kelayotganligidan norozi bo‘lib, murojaat qilgan.
Fuqaroning murojaatiga asosan o‘tkazilgan o‘rganish davomida mahalla hududida un mahsulotini aholiga tarqatilishida ro‘yxat shakllantirilmasdan galma-gal aholiga yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilmaganligi kuzatildi.
Yuqoridagi holat yuzasidan hududiy boshqarma xodimlari tomonidan mas’ullar bilan birgalikda aholini un mahsuloti bilan uzluksiz ravishda ta’minlash va bu borada tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida mahalla hududida un mahsulotini tarqatilishidagi muammolar bartaraf qilinib, fuqaroning murojaati qanoatlantirildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 apreldagi yig‘ilish bayoniga asosan koronavirus pandemiyasi sharoitida yuzaga kelgan vaziyat inobatga olinib, ichki bozorda oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlash, xususan respublikadagi barcha iste’molchilarga un mahsulotlarini tizimli va kafolatli yetkazib berish maqsadida, respublikaning barcha darajadagi iste’molchilariga un va un mahsulotlarini alohida topshiriq bo‘lgunga qadar, birja savdolarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tizimli yetkazib berish bo‘yicha “vaqtinchalik tartib” o‘rnatilgan.
Yig‘ilish bayoniga muvofiq tuman va shaharlar hokimlariga hududlaridagi barcha aholi punktlarini to‘liq qamrab olgan holda, ularga un, non va makaron mahsulotlarini kafolatli yetkazib berilishini hisobga olib, ajratilgan un mahsulotini don korxonalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qiluvchilarni ro‘yxatini shakillantirish, ularga ajratiladigan un hajmlarini belgilab, viloyat hokimligiga taqdim etish va viloyat hokimligi tomonidan ro‘yxatga kiritilgan korxonalar biriktirilgan don korxonalaridan belgilangan hajmdagi unni xarid kilishlarini, shuningdek, xarid qilingan un mahsulotini o‘zlashtirishini tashkillashtirish hamda maqsadli ishlatilishini nazorat kilish vazifalari yuklatilgan.
Yig‘ilish bayoni bilan “O‘zdonmahsulot” AK tarkibidagi donni qayta ishlash korxonalari tomonidan barcha toifadagi iste’molchilarga 1 kg. 1-navli mahalliy un mahsuloti to‘g‘ridan-tug‘ri shartnomalar asosida 2485 so‘mdan sotilishi belgilangan.
Ya’ni, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatga asosan aholiga un mahsulotini yetkazib beruvchi korxonalar ushbu narxlarda mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarga asosan don korxonalaridan xarid qilmoqda va o‘z foydasi hamda xarajatlarini hisobga olgan holda aholiga yetkazib bermoqda.