Tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hududlarda aholini ko‘mir va briketlagan ko‘mir mahsulotini viloyat hududidagi ayrim mahallalarga o‘z vaqtida olib borilmayotganligi bilan bog‘liq murojaatlar yuzasidan muntazam ravishda o‘rganish ishlari o‘tkazilib, fuqarolarning muammolari bartaraf qilib kelinmoqda.
Xususan, Shovot tumani, Bo‘yrachi mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan “Mahallamizga ko‘mir yetkazib berilmayapti, bolalarimiz bilan sovuqda o‘tiribmiz” mavzusida joriy yilning 23 noyabr kuni “@SizdanTelegram” ijtimoiy kanali orqali berilgan murojaat yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
O‘rganish davomida taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, mahallada ko‘mir yoqilg‘isiga ehtiyoji mavjud bo‘lgan xonadonlar soni 680 tani tashkil qiladi, rejaga asosan 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumida jami 409 tonna ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilishi belgilangan. Joriy yilning 23 noyabr holatiga ushbu hududga 219 tonna ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berilgan, (oxirgi marta 17 noyabr kuni 17,4 tonna keltirilgan).
Mazkur murojaatda qayd qilingan muammoni bartaraf qilish maqsadida hududiy boshqarma xodimlari tomonidan mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda aholini ko‘mir va briketlagan ko‘mir yoqilg‘isi bilan uzluksiz ravishda ta’minlash va bu borada tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha choralar ko‘rildi. Natijada, Bo‘yrachi mahallasi hududiga 2020 yil 23 noyabr kuni 23 tonna va 24 noyabr kuni 25 tonna ko‘mir va briketlagan ko‘mir yoqilg‘isi yetkazib berildi, murojaatda qayd qilingan holatlar bartaraf qilinib, fuqarolarning murojaati qanoatlantirildi.
Ma’lumot uchun, Respublikada ko‘mir briketlari ishlab chiqarish va sotishni kompleks tashkil etish, ko‘mir briketlarining aholi va byudjet tashkilotlariga zarur sifat va maqbul narxlar bo‘yicha resurslar va ko‘mirni taqsimlash balansida nazarda tutilgan hajmlarda o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 2 iyuldagi 177-sonli qaroriga muvofiq gaz bo‘lmaydigan hududlarda aholi ko‘mir mahsuloti bilan uzluksiz ravishda ta’minlash belgilangan.
Shuningdek, qish mavsumida gaz bo‘lmaydigan hududlarga yetarli miqdorda ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha tegishli hujjatlar tasdiqlanadi va tuman hokimligi tomonidan tasdiqlangan aholini ko‘mir bilan ta’minlashga oid jadval mahalla fuqarolar yig‘iniga yetkaziladi. Mahalla fuqarolar yig‘ini kelib tushgan arizalarga muvofiq ko‘mirni sotib olish bo‘yicha reestrni shakllantirib, uni ko‘mir omborlariga yetkazib beradi. Ko‘mir omborlari mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan taqdim etilgan reestrga va tasdiqlangan jadvalga asosan aholini ko‘mir mahsuloti bilan Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan narxlar asosida uzluksiz ta’minlash choralarini ko‘radi.