Hozirgi davrda texnika juda rivojlanib bormoqda. Eng oxirgi rusumdagi televizorlar har birimizning xonadonimizda bor, lekin shuncha pulga televizor sotib olasiz-u kafolat muddati tugamasdan buzilib qolsa pullar osmonga uchib ketaveradimi? Buning ustiga bu dardingizni hech kim eshitmasa unda iste’molchi qayerga murojaat qiladi?
О‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qо‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligiga “Call center” orqali, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Amudaryo tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ushbu muammo bо‘yicha murojaati kelib tushgan.
Mazkur murojaatda fuqaro hududiy boshqarmadan amaliy yordam kо‘rsatishni sо‘ragan.
Ma’lum bо‘lishcha u yaxshi orzu niyatlar bilan Urganch shahridagi dо‘kondan 3 700 000 sо‘m evaziga televizor sotib olgan. Ammo, kafolat muddati tugamasidan televizor ishlamay qolgan. Ushbu masala yuzasidan dо‘kon xodimlariga qilgan murojaatlari bо‘yicha hech qanday choralar kо‘rilmagan.
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan sotuvchiga О‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish tо‘g‘risida”gi qonuni va qonunosti hujjatlari talablari bо‘yicha tushuntirish berildi. Natijada fuqaroning iste’molchi sifatidagi huquq va manfaatlari himoya qilinib nosoz televizori yangi televizorga almashtirib berildi.
Iste’molchilar diqqatiga!
О‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish tо‘g‘risida”gi qonunida quyidagilar belgilangan.
1. Nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib о‘tilmagan bо‘lsa, о‘z xohishiga qarab:
- tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berishni;
- tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilishni;
- tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplashni;
- xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirishni;
- shartnomani bekor qilib, kо‘rilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
2. Iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda almashtirib berishi shart.
Tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qо‘shimcha ravishda tekshirish zarur bо‘lganida esa, iste’molchi talab qо‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart.
Ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar bо‘lmagan taqdirda, iste’molchining almashtirib berish xususidagi talabi da’vo qilingan paytdan e’tiboran bir oy ichida qondirilishi kerak.
Iste’molchining roziligi bilan sotuvchi nuqsonli tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib berib, xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilishi shart.
3. Nuqsonli tovar ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirib berilgan vaqtda tovarning narxi о‘zgargan bо‘lsa, qayta hisob-kitob qilinmaydi.
Nuqsonli tovar boshqa markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirib berilayotganda, agar almashtirilishi kerak bо‘lgan tovar narxi uning о‘rniga berilayotgan tovar narxidan past bо‘lsa, iste’molchi narxlardagi farqni qо‘shimcha ravishda tо‘lashi lozim.
Almashtirilishi kerak bо‘lgan tovar narxi uning о‘rniga berilayotgan tovar narxidan yuqori bо‘lsa, iste’molchiga narxlardagi farq qaytariladi.
Bunday hisob-kitob chog‘ida almashtirilishi kerak bо‘lgan tovar narxi oshgan taqdirda, uning talab qо‘yilgan paytdagi narxi, narxi pasaygan taqdirda esa, xarid qilingan paytdagi narxi qо‘llaniladi.