Bugungi kunda keng jamoatchilik tomonidan davlat xaridlari doirasida o‘tkazilayotgan savdolarning natijalari maxsus axborot portalidagi ochiq ma’lumotlarga asosan katta qiziqish bilan ko‘zatib borilmoqda. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi xarid jarayonlari bilan bog‘liq turli holatlar bo‘yicha chiqarilayotgan maqolalar, ma’lumotlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Xaridlarni amalga oshirishda jamoatchilik nazoratini kuchayishi byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi, turli qonunbuzilishlarni oldini olinishi, shuningdek, qonunbuzilish holatlarini sodir qilgan mas’ul shaxslarni qonun oldida javob berishida vakolatli organlarga katta ko‘mak bo‘lmoqda.
Shuningdek, mamlakatimiz Prezidentining 2020 yil 29 dekabr kuni Parlament va O‘zbekiston xalqiga qilgan “Murojaatnoma”sida ham fuqarolar tomonidan ochiq e’lon qilinayotgan davlat xaridlariga oid ma’lumotlardan foydalanilgan holda, o‘rinli masalalar ko‘tarilayotganligi e’tirof etilib, bundan buyon barcha davlat xaridlari jamoatchilik va Parlament nazoratida bo‘lishi takidlangan.
Bugungi kunda kuzatilayotgan xaridlarni amalga oshirish jarayonidagi yaqin qarindoshlik, ishtirokchilarning o‘zaro manfaatdorliklari qonunchilik talablarini takomillashtirishni, shuningdek, davlat xaridlari jarayonidagi manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirishni talab qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 iyuldagi “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6019-sonli Farmoniga muvofiq 2021 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish maqsadida, Davlat xaridlari hamda strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarning xaridlari ijrochilari:
– tender va tanlov savdolari hamda eng yaxshi takliflarni tanlab olish yakunlari bo‘yicha g‘olib deb rasman e’lon qilingan kundan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yakunlari bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan e’tiboran ikki kun mobaynida davlat xaridlari maxsus axborot portalida tegishli ma’lumotlarni joylashtirish orqali bevosita yoki bilvosita 25 foiz yoki undan ko‘p aktsiyalarga (ulushga) haqiqatdan nazorat qilishga ega bo‘lgan o‘zining yakuniy manfaatdor shaxslari (benefitsiarlari) to‘g‘risidagi axborotlarni oshkor qilishlari;
– o‘zlarining veb-saytlarida va maxsus axborot portalida doimiy asosda tender va tanlov savdolari hamda eng yaxshi takliflarni tanlab olish tartib-taomillari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yakunlari bo‘yicha imzolangan shartnoma majburiyatlari bajarilishi haqidagi ma’lumotlarni joylashtirib borishga majbur ekanliklari belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan, joriy yildan barcha davlat xaridlari hamda strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarning xaridlari ijrochilari o‘zlari to‘g‘risidagi yuqoridagi ma’lumotlarni doimiy ravishda o‘zlarining veb-saytlarida va maxsus axborot portalida joylashtirib borishlari shart hisoblanadi.