Hozirgi davrda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar orasida o‘zganing tovar belgisidan foydalanib mahsulot ishlab chiqarish holatlari uchramoqda, bunga xo‘jalik yurituvchi sub’ekt haqlimi? Bu holat yuzasidan qonunchilikda nimalar belgilangan?
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish ko‘mitasining asosiy vazifalaridan biri tadbirkorlik sub’ektlarini insofsiz raqobatchilardan ximoya qilish hisoblanadi.
Shunday muammoga duch kelgan “Xonqa Billur Salt” xususiy korxonasining murojaati hududiy boshqarma tomonidan o‘rganib chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, “Shovat White Salt” xususiy korxonasi tomonidan “Xonqa Billur Salt” xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan “Saodat” tovar belgisiga o‘xshash bo‘lgan “Sadaf” belgisi ostida osh tuzi mahsulotini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu sohada vakolatli organ hisoblangan Intellektual mulk agentligi tomonidan “Xonqa Billur Salt” xususiy korxonasiga “Saodat” tovar belgisiga mutloq huquq rasmiylashtirilgan.
Ushbu masala yuzasidan Intellektual mulk agentligidan olingan xulosaga ko‘ra, “Shovat White Salt” xususiy korxonasining “Sadaf” belgisi “Saodat” tovar belgisi bilan grafik jihatdan vizual taasurotlar asosida iste’molchilarning adashtirib yuborish darajasida yaqinligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi qonunining 26-moddasi (Tovar belgisiga doir mutlaq huquq) 3-qismiga asosan, Tovar belgisini yoki shu belgi bilan belgilangan tovarni ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash, qo‘llash, olib kirish, savdoga taklif etish, sotish, o‘zgacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki ularni shu maqsadda saqlash yoxud ular bilan adashtirib yuboradigan darajada aynan o‘xshash bo‘lgan bir xildagi tovarlarni belgilash tovar belgisiga doir mutlaq huquqni buzish deb e’tirof etilishi belgilangan.
Yuqoridagi holatda “Shovat White Salt” xususiy korxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasi 1-qismi 3-xatboshi hamda “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasi 3-qismi talablariga rioya qilinmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, “Shovat White Salt” xususiy korxonasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktyabrdagi 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan hududiy boshqarma maxsus komissiya tomonidan ish ko‘rib chiqildi.
“Shovat White Salt” xususiy korxonasiga o‘ziga raqobatchi bo‘lgan boshqa yuridik shaxslarning tovar belgisidan bundan keyingi faoliyatida foydalanmaslik, korxona omborida mavjud bo‘lgan “Sadaf” belgisini muomaladan chiqarish hamda qonun xujjatlariga muvofiq qo‘riqlanadigan intellektual mulklaridan, tovar belgilaridan, raqobatchining tovar belgisiga, firma nomiga o‘xshash bulgan yoxud adashtirib yuborish darajasida u bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan uni tovarlarda, etiketkalarda, o‘rovlarda joylashtirish yo‘li bilan yoki sotilayotgan yoxud fuqarolik muomalasiga o‘zgacha tarzda kiritilayotgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqacha tarzda foydalanish holatlariga yo‘l ko‘ymaslik to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan muddatli Ko‘rsatma berildi va ko‘rsatma ijrosi ta’minlandi.