Hududiy boshqarma tomonidan Urganch shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning sug‘urta kompaniyasi bilan bog‘liq masalada amaliy yordam so‘rab kiritgan murojaati o‘rganib chiqildi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro AT “ASAKA” bank Xorazm viloyat filialidan 3 yil muddatda qaytarish sharti bilan olingan kredit evaziga avtomashina xarid qilgan. Shuningdek, “KAPITAL SUG’URTA” AK Xorazm filiali bilan sug‘urta shartnomasi tuzib, avtomashinani jami 1 575 000 evaziga 3 yil muddatga sug‘urta qildirgan.
Fuqaro tomonidan olingan ushbu kredit muddatidan oldin bankka to‘liq qaytarilgan.
Sug‘urta kompaniyasi, bank va fuqaro o‘rtasida “Avtokredit” kompleks sug‘urtalash shartnomasiga ko‘ra:
- sug‘urta shartnomasi taraflardan birining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinish sanasidan 30 kun ogohlantirilganligi shartida bekor qilinishi;
- sug‘urta shartnomasi sug‘urta qildiruvchi, qarz oluvchi, naf oluvchi tashabbusiga ko‘ra muddatidan avval bekor qilinganda to‘langan sug‘urta mukofotining 30 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi xarajatlari ayirilib, sug‘urtaning tugamagan amal qilish muddati uchun sug‘urta mukofoti qaytarib berilishi belgilangan.
Ammo, sug‘urta kompaniyasi shartnoma shartlarini bajarishni paysalga solgan holda fuqaroning murojaatini qanoatlantirmasdan kelgan.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolik” kodeksining 948-moddasiga ko‘ra Sug‘urta shartnomasi, agar u kuchga kirganidan keyin sug‘urta xodisasi yuz berishi ehtimoli yo‘qolgan va sug‘urta xavfining mavjud bo‘lishi sug‘urta xodisasidan boshqa holatlar bo‘yicha tugagan bo‘lsa, tuzilgan shartnoma muddati kelishidan oldin bekor bo‘ladi va sug‘urtalovchi sug‘urta mukofotining bir qismini sug‘urta amal qilgan vaqtga mutanosib ravishda olish huquqiga ega.
Hududiy boshqarmaning yuqoridagilarga asoslangan holda mazkur masalaga aralashuvi natijasida, sug‘urta kompaniyasi, bank va fuqaro o‘rtasidagi sug‘urta shartnomasini muddatidan avval bekor qilish bo‘yicha qo‘shimcha bitim tuzilib, fuqaroga 418 467,15 so‘m pul mablag‘i qaytarib berilishiga erishildi.