Internet tushunchasi ancha rivojlanib ketdi, bu haqida har xil fikrlar, tortishuvlar bо‘lgan va hozirgacha davom etmoqda. Jamoat va tijorat tuzilmalari uchun internetdan foydalanish imkoniyati oshgan sari provayderlar, internet axboroti iste’molchilari soni ham kо‘paymoqda. Ya’ni, axborot manbai va OAV sifatida internet ommalashmoqda.
Bularning barchasi jurnalistlar, axborot agentliklari hamda savdo kompaniyalari va firmalari muhitida raqobatning shakllanishiga ijobiy ta’sir qiladi.
Lekin hozirda internet tezligining pasayishi, tо‘lovlarni vaqtida tо‘lab turib ham internetdan foydalana olmaslik kabi muammolar iste’molchilarning noroziligini keltirib chiqarmoqda. Xо‘sh bu masalada iste’molchi qanday yо‘l tutishi kerak?
Ushbu muammo tinchlik bermagan va xotirjamligini yо‘qotgan Urganch shaharda yashovchi fuqaro hududiy boshqarmaga ishonch telefoni orqali murojaat qildi.
Ma’lum bо‘lishicha, fuqaro “О‘zbektelekom” AK Xorazm filialiga internet xizmati ishlamaganligi tо‘g‘risida murojaat qiladi. Shu sababli, internet ishlamagan kunlari uchun qayta hisob kitob qilishni sо‘raydi. Qilgan murojaati javobsiz qolgan fuqaroning muammosi О‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qо‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan о‘rganib chiqildi.
О‘rganish jarayonida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish tо‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari bilan istemolchining iyenternet xizmati ishlamay turgan kunlari uchun tegishli mablag‘lar qayta hisob kitob qilinishiga erishildi.
Iste’molchilar diqqatiga!
О‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish tо‘g‘risida”gi qonunida quyidagilar belgilangan.
- Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar kо‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat kо‘rsatishi) shart.
- Agar ijrochi shartnomani ijro etishga о‘z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bо‘lib qolsa, iste’molchi ishni bajarish, xizmat kо‘rsatish tо‘g‘risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli.